Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti musiqashunos olim Fayzulla Karomatov tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan “Globallashuv jarayonida zamonaviy musiqashunoslikning istiqbollari” mavzusida Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, san’atshunoslik fanlari doktori, professor Fayzulla Muzaffar o‘g‘li Karomatli (Karomatov) — O‘zbekiston musiqa san’atining ravnaqiga salmoqli hissa qo‘shgan, san’atshunoslik fani taraqqiyoti uchun sidqidildan xizmat qilib, yuqori malakali mutaxassis - olimlarni yetishtirgan, xalqaro ko‘lamda musiqiy sharqshunoslik yo‘nalishi bo‘yicha yetakchilik qilgan atoqli musiqashunos. Musiqashunos olimning ilmiy merosini respublika va xalqaro miqyosida keng targ‘ib etish, shu sohada shakllangan ilmiy maktabning o‘ziga xos ijro uslubi, an’analarini saqlash, o‘rganish, ularni yosh avlodga yetkazish hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining 2024-yil 27-dekabrdagi “2025-yilda xalqaro va respublika miqyosida o‘tkaziladigan ilmiy va ilmiy-texnik tadbirlar rejalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 490-son buyrug‘i va ushbu buyruq bilan tasdiqlangan “2025-yilda respublika miqyosida o‘tkaziladigan ilmiy va ilmiy texnik tadbirlar rejasi”ning 526/8 bandi ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi, Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti bilan hamkorlikda joriy yilning 16-dekabr kuni Musiqashunos olim Fayzulla Karomatli (Karomatov) tavalludining 100-yilligiga bagʻishlangan “Globallashuv jarayoni sharoitida zamonaviy musiqashunoslikning istiqbollari” mavzusidagi Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.
Ushbu xalqaro ilmiy-amaliy anjuman doirasida musiqashunos olim Fayzulla Karomatli (Karomatov) faoliyatining xalqaro miqiyosdagi o‘rni, musiqashunoslik-sharqshunoslik, zamonaviy musiqashunoslik istiqbollari, sohadagi o‘rni va ahamiyatini yanada oshirish, madaniy-ma’naviy munosabatlarni xalqaro miqyosda kengaytirish masalalari muhokama etildi.
Mazkur xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha maqolalar qabul qilindi:
1. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi, musiqashunos, folklorshunos olim, Sanʼatshunoslik fanlari doktori, professor Fayzulla Muzaffar o‘g‘li Karomatli (Karomatov)ning ijodiy faoliyati va ilmiy tadqiqot me’rosi; o‘zbek xalq milliy musiqiy yo‘nalishlari shakllanishi va rivojlanishiga qo‘shgan hissasi;
2. Globallashuv jarayoni sharoitida zamonaviy musiqashunoslik muammolari va masalalari; Konferensiya materiallari to‘plam shaklida chop etiladi. Ilmiy-amaliy konferensiyada o‘zbek, rus va ingliz tillarida ma’ruza tayyorlanishi mumkin.
Anjuman materiallariga kiritilgan maqolalar to‘plami Google Scholar xalqaro ma’lumotlar bazasida indekslanadi.
Konferensiyada oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi professor-o‘qituvchilar, soha mutaxassislari, yosh olimlar, izlanuvchilar, magistrlar anjuman yo‘nalishiga mos mavzular bo‘yicha ishtirok etishdi.Konferensiya doirasida globallashuv sharoitida milliy musiqashunoslikning rivojlanish yo‘nalishlari, zamonaviy tadqiqot metodlari, raqamli texnologiyalar ta’sirida musiqiy merosni o‘rganish va targ‘ib etish masalalari, shuningdek, yosh olimlar va tadqiqotchilarni ilmiy jarayonga keng jalb etish kabi muhim mavzular muhokama qilindi. Turli ta’lim tashkilotlaridan tashrif buyurgan yetakchi olimlar, tadqiqotchilar va mutaxassislarning ilmiy mulohazalari musiqashunoslik fanining istiqbollarini belgilashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya Fayzulla Karomatovning ilmiy maktabi va g‘oyalarining davomiyligini ta’minlash, milliy va jahon musiqashunosligi o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni mustahkamlash hamda zamonaviy musiqashunoslik fanining yangi ufqlarini belgilashga xizmat qiladi.