
Prezidentimizning yoshlar bilan o'tkazgan muloqoti va oliy ta’lim sohasi oldida turgan ustuvor vazifalar haqida
Hurmatli institutimiz jamoasi — aziz professor-o‘qituvchilar, qadrli talabalar va fidoyi xodimlar!
Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida Ko‘ksaroy qarorgohida o‘tkazilgan uchrashuvda yoshlar siyosatiga oid ilgari surilgan tashabbus va qarorlar mamlakatimiz taraqqiyotida yangi bosqichni boshlab berdi. Bugun yurtimiz aholisining 22 milliondan ziyodini yoshlar tashkil etayotgani — ulkan iqtisodiy, ijtimoiy va intellektual salohiyat demakdir.
Uchrashuvda har bir rahbar oldiga yoshlarni til va zamonaviy kasb-hunarlarga o‘rgatish, tadbirkorlik va startaplarni qo‘llab-quvvatlash, sport va madaniyatga keng jalb etish, eng muhimi — birorta yigit-qizni e’tibordan chetda qoldirmaslik vazifasi qat’iy belgilab berildi.
Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun qo‘shimcha 200 million dollar ajratilishi, “Kelajak tadbirkori” dasturi doirasida 7 yilgacha 15 foizli imtiyozli kreditlar yo‘lga qo‘yilishi, o‘zini o‘zi band qilgan yoshlar uchun kredit limitining 300 million so‘mgacha oshirilishi, innovatsion startaplarga 100 ming dollargacha investitsiya kiritish imkoniyati yaratilishi — yoshlar iqtisodiy faolligini yangi bosqichga olib chiqadi.
Shuningdek, har bir hududda “Yoshlar biznes inkubatori” tashkil etilishi, 40 ming yoshni xalqaro tajriba asosida tadbirkorlikka o‘qitish, eng yaxshi startaplarga grant va imtiyozli ssudalar ajratilishi, volontyorlik harakatlarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga har yili 62 milliard so‘m yo‘naltirilishi, ipoteka kreditlarida davlat subsidiyasi joriy etilishi kabi chora-tadbirlar yoshlarning har tomonlama kamol topishiga xizmat qiladi.
Yuqoridagi vazifalar oliy ta’lim muassasalari zimmasiga alohida mas’uliyat yuklaydi.
Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti jamoasi uchun bu tashabbuslar ayniqsa muhimdir. Institutimiz oldidagi ustuvor vazifalar:
- iqtidorli yoshlarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish;
- milliy maqom va baxshi san’atini chuqur ilmiy tadqiq etish va ommalashtirish;
- xalqaro hamkorlikni kengaytirish va ustoz-shogird an’analarini mustahkamlash;
- talabalar startaplari, ijodiy loyihalari va tashabbuslarini institutsional darajada rag‘batlantirish;
- institutni ma’naviyat, kitobxonlik va milliy madaniyat markaziga aylantirish.
Prezidentimiz tomonidan yoshlarga bildirilgan yuksak ishonch — bizning eng katta ilhom manbaimizdir. Biz har bir talabaning iste’dodi va salohiyatini ro‘yobga chiqarish, milliy musiqa san’atimizning munosib davomchilarini tayyorlash, institutimizni zamonaviy, raqobatbardosh va nufuzli ta’lim muassasasiga aylantirish yo‘lida barcha kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.
Hurmatli jamoa!
Barchangizni ushbu tarixiy imkoniyatlarni institutimiz faoliyatiga samarali tatbiq etishda faollik va tashabbuskorlik ko‘rsatishga chaqiraman. Biz birgalikda institutimizni:
- bitiruvchini munosib ish o‘rni bilan ta’minlaydigan,
- ijodiy loyihalar va innovatsion tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydigan,
- xalqaro tanlov va festivallarda g‘olib va laureatlar tayyorlaydigan,
- milliy maqom va baxshichilik san’atini, shuningdek, ma’naviyat, kitobxonlik va yuksak madaniy qadriyatlarni targ‘ib etuvchi namunaviy oliy ta’lim muassasasiga aylantiramiz.
Ishonchim komilki, jamoamizning birdamligi, ijodiy salohiyati va fidoyiligi bilan oldimizga qo‘yilgan barcha vazifalarni munosib ado etamiz hamda institutimiz nufuzini yanada yuksaltirishga erishamiz.