Tillar:
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining 2024-yil 18-yanvardagi “2024-yilga mo‘ljallangan xalqaro va respublika miqyosida o‘tkaziladigan ilmiy va ilmiy-texnik tadbirlar ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘iga muvofiq, joriy yilning 10-May kuni soat 10:00 da Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti Organ zalida “Doston ijrochiligi san’atini rivojlantirishda oliy ta’lim va baxshichilik san’atiga ixtisoslashtirilgan maktablar integratsiyasi” Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu anjumanda baxshichilik san’atini asrab-avaylash, ustoz-shogird an’analarini takomillashtirish, doston ijrochiligi san’atini rivojlantirishda oliy ta’lim va baxshichilik san’atiga ixtisoslashtirilgan maktablar integratsiyasini kuchaytirish, sohada mavjud muammolar va ularning yechimlari muhokama etildi.
“Doston ijrochiligi” kafedrasi professori, san’atshunoslik fanlari nomzodi Botir Matyoqubovning “Dostonlarning musiqiy xususiyatlarini o‘rganish” kitobining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.
“Innovatsion texnologiyalar asosida baxshichilik maktablari uchun yangi avlod o‘quv adabiyotlarini yaratish” mavzusidagi foto lavhalar
Konferensiyani o‘tkazishdan asosiy maqsad baxshichilik san’ati sohasi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish, ta’lim jarayoniga o‘qitishning innovatsion shakl va metodlari hamda zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalarini keng joriy etish, dostonchilik maktablari uchun yangi o‘quv-uslubiy adabiyotlar yaratish, doston ijrochiligi san’atini rivojlantirishda oliy ta’lim va baxshichilik san’atiga ixtisoslashtirilgan maktablar integratsiyasini kuchaytirishdan iboratdir.
Shu bilan bir qatorda baxshichilik san’ati bo‘yicha fundamental, amaliy va ijodiy izlanish hamda tadqiqotlar olib borish, o‘quv jarayonining amaliyot bilan uzviyligini ta’minlash, “ustoz-shogird” an’analarini keng joriy etish, ta’lim jarayonini tubdan takomillashtirish anjuman mavzularining asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Yalpi majlisdan so‘ng konferensiya sho‘balarda ishini davom ettirdi. Ushbu ilmiy-amaliy anjumanda soha mutaxassislari, taniqli olimlar bilan bir qatorda ilm ostonasiga kirib kelayotgan yosh izlanuvchi-tadqiqotchi va talabalar ham o‘z ilmiy maqolalari bilan faol ishtirok etishdi.