Tillar:
Avval xabar berilganidek, Nukus shahrida Madaniyat vazirligining 2024-yil yakunlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan Hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi Murat Atamuratov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi madaniyat vaziri Begis Temirbayev, O‘zbekiston Madaniyat vazirligi rahbariyati hamda markaziy apparati vakillari, hududiy va tizim tashkilotlari rahbarlari, shuningdek, hududiy studiyalardan tizim tashkilotlari vakillari onlayn ishtirok etishdi.
Shu jumladan, majlisda Yunus Rajabiy nomidagi O’zbek milliy musiqa san’ati instituti rektori v.b Eldor Shermanov va boshqa OTM rahbarlari qatnashdi.
Hay’at yig‘ilishida sohadagi ustuvor vazifalar va topshiriqlar ijrosi yuzasidan 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar, ularning natijalari hamda joriy yilning birinchi yarim yilligida turgan muhim vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
E’tirof etish joizki, 2024-yil davomida madaniyat va san’at sohasida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. Jumladan, teatrlarda 10 mingdan ortiq spektakl namoyish etilib, ularga 3,6 mln nafar tomoshabin tashrif buyurdi. Bu orqali 27,3 mlrd so‘m mablag‘ ishlab topildi.
Namangan viloyatida qo‘g‘irchoq teatri tashkil etildi, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlari qo‘g‘irchoq teatrlariga yangi binolar qurilib, foydalanishga topshirildi.
Yil davomida 7,2 mingdan ortiq konsert-tomosha tadbirlari tashkil etilib, ularga 10 mln dan ziyod aholi qamrab olindi. “Lazgi” II xalqaro raqs festivali, II Xalqaro maqom san’ati anjumani, “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivali yuqori saviyada o‘tkazildi. “Madaniyat karvoni” hamda o‘zarolik tamoyili asosida “Madaniyat kunlari” tadbirlari yuqori saviyada tashkil qilindi.
“Ko‘cha san’ati va musiqasi”, “Yulduz bilan sayohat!” loyihalari yo‘lga qo‘yildi. Nomoddiy madaniy meros namunalarini tadqiq etish maqsadida 10 ta mahalliy va 1 ta xorijiy folklor ekspeditsiyalari amalga oshirildi.
– Rubob yasash va ijrochilik an’analari bilan bog‘liq nomoddiy madaniy meros namunasi YUNESKOning xalqaro reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi. Bunday misollarni yana uzoq davom ettirishimiz mumkin. Albatta, qilingan ishlar, yutuqlar o‘zimizniki. Shuning uchun ularga ko‘p to‘xtalib o‘tirmasdan, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, ularning kelib chiqish sabablari hamda bartaraf etish masalalariga e’tibor qaratsak, to‘g‘riroq bo‘ladi nazarimda, – dedi Ozodbek Nazarbekov.
Yig‘ilishda, shuningdek kun tartibidagi boshqa qator masalalar ko‘rib chiqildi.