Tillar:
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining “2024-yilga mo‘ljallangan xalqaro va respublika miqyosida o‘tkaziladigan ilmiy va ilmiy-texnik tadbirlar ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘i va ushbu buyruq bilan tasdiqlangan 2024-yilda xalqaro miqyosda o‘tkaziladigan ilmiy va ilmiy texnik tadbirlar rejasiga muvofiq Yunus Rajabiy nomidagi O’zbek milliy musiqa san’ati institutida “Maqom ijodiyotining dolzarb masalalari” mavzusidagi I Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning rasman ochilish marosimi bo’lib o’tdi.
Unda taniqli kompozitor va bastakorlar, musiqashunos olimlar, doktorant, magistrant va talaba-yoshlar, soha mutaxassislari ishtirok etdi. Tashrif buyurgan mehmonlar institut binosida milliy kuylar sadosi ostida bayramona kutib olindi. Konferensiya ishtirokchilariga esdalik sovg‘alari va maqolalar to‘plami taqdim etildi.
27-aprel kuni “Maqom ijodiyotining dolzarb masalalari” mavzusidagi I Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya va festival rasman ochildi ...
Shundan so‘ng, “Maqom ijodiyotining dolzarb masalalari” mavzusidagi I Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘z ishini boshladi.
Yalpi majlisda O‘zKBU raisi, O‘zbekiston Respublikasi san'at arboblari Rustam Abdullayev, s.f.n., professor Ravshan Yunusov, Tojikiston xalq artisti, s.f.n., O‘zMMSI dotsenti Abduvali Abdurashidov, Ozarbayjon milliy konservatoriyasi prorektori, s.f.n., professor Lala Huseynova, Tojikistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, t.f.d., professor Asqarali Rajabov, Tojikistonda xizmat ko‘rsatgan artist, F.Shahobov nomidagi Shashmaqom davlat ansambli musiqa rahbari Sirojiddin Jurayev, Qatar filarmoniyasi orkestri ijrochi direktori, s.f.f.d. (PhD), Dr. Nasser Sahim, s.f.f.d. (PhD), O‘zDSMI professori v.b. G‘ani Xudoyev, O‘zMMSI dotsenti v.b., s.f.f.d. (PhD) Sh.Berdixanova kabi soha mutaxassislari nutq irod qildi.
O‘zKBU rais o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi san'at arbobi Habibullo Rahimov "Maqom va kompozitorlik ijodiyotida mushtaraklik. Maqomning O‘zbekiston kompozitorlari ijodida o‘rni va ahamiyati", Tojikiston hukumati huzuridagi televideniye va radio qo‘mitasining Shashmaqom davlat ansambli musiqa rahbari, Tojikistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sirojiddin Jo‘rayev (dutor) hamda M.Tursunzoda nomidagi Tojikiston davlat madaniyat va san'at instituti o‘qituvchisi Murodjon Kosimov (g‘ijjak)lar tomonidan esa "Asl tojik ijro uslublari haqida (Mirzo Qurbon Soliyev (g‘ijjak) va Muhammadjon Mo‘minov (dutor) misolida)" mavzularida mahorat darslari o‘tkazildi.
Yaponiya poytaxti Tokio shahridan CSPC-JAPAN tashkilotining rahbari, Yapon madaniyati tadqiqotchisi Kyoko Iwamoto hamda mohir yapon sozandalari Akemi Tatemichi, Sonoe Funabashi, Haruka Tachiban institut Organ zalida mahorat darsi o‘tkazdilar.
"Turkiston" san'at saroyida Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san'ati instituti "Kompozitorlik, bastakorlik va umumiy fortepiano" kafedrasi tomonidan o‘tkazilayotgan "Maqom ijodiyotining dolzarb masalalari" mavzusidagi I Xalqaro festival yakuni bo‘yicha Simfonik konsert boshlandi.
Unda soha mutaxassislari, poytaxt musiqa va san’at ta’lim dargohlari vakillari, institutimizning barcha professor-o‘qituvchi va talaba-yoshlari ishtirok etdi.
Tadbirni ochib berish uchun so‘z olgan O‘zKBU raisi, san'at arbobi R.Abdullayev va O‘zMMSI Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori v.b., professor S.Begmatov ayni mavzuda xalqaro festivalning o‘tkazilishi ilk bora ekani, uning g‘oya va maqsadi yuksak ekanligini alohida e'tirof etdilar.