Tillar:
Vatanimiz tarixida g‘oyat murakkab va sinovli davr bo‘lgan XX asr boshida maydonga chiqqan Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkiston jadidlik harakatining otasi hisoblanadi. U mintaqadagi islohotlarning bayroqdori sifatida milliy ruhni, ona tili, ta’lim, adabiyot va san’at, matbuot sohalarini rivojlantirish, jahondagi ilg‘or taraqqiyot yutuqlarini o‘zlashtirish orqali xalqimizning ongu tafakkurini yuksaltirish hamda hurriyatga erishish yo‘lida o‘z hayotini baxsh etdi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy zamonasining qora kuchlari qarshiligiga qaramasdan, Turkistonda yangi usul maktablari tashkil qilish, darsliklar yaratish, nashriyot va teatrlar barpo etish ishlariga bosh bo‘ldi. Mohir publitsist sifatida o‘z davrining dolzarb muammolariga bag‘ishlangan qator asarlar va maqolalar yaratdi. Shu bilan birga, “Samarqand”, “Oyina” nomli gazeta va jurnal nashr qildi. 1911- yili o‘zbek milliy teatrining debochasi uchun ilk pyesasini yaratib Turkiston ziyolilari orasida katta e’tibor qozondi. 1914-yili “Turon” teatrida sahnalashtirilgan “Padarkush” pyesasi orqali o‘lkamizda teatr san’atining tamal toshini qo‘ydi. Afsuski, atoqli adib va jamoat arbobi yovuz kuchlar qurboni bo‘ldi.
Mustaqil O‘zbekistonda Mahmudxo‘ja Behbudiy xotirasini abadiylashtirish, hayoti va faoliyatini chuqur tadqiq qilish, ilmiy va badiiy asarlarini keng ommalashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Toshkentdagi Adiblar xiyobonida muazzam haykalining o‘rnatilgani, Samarqand shahrida uy-muzeyi tashkil qilingani, iste’dodli dramaturglar uchun Mahmudxo‘ja Behbudiy nomidagi mukofot ta’sis qilingani shu yo‘ldagi yangi amaliy qadamlardandir.
Mahmudxo‘ja Behbudiy asarlarining yosh avlodimiz intellektual va ma’naviy salohiyatini oshirish, shu asosda ularni Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari, chinakam vatanparvar insonlar etib tarbiyalash borasidagi o‘rni va ahamiyatini inobatga olib hamda uning bebaho merosini yanada kengroq o‘rganish va targ‘ib etish maqsadida “Mahmudxo‘ja Behbudiy va Turkiston madaniy muhitida yangilanish jarayonlari” nomli respublika ilmiy-amaliy anjumani tashkil etildi. Anjumanda: Turkiston jadidchilik harakatining asoschisi va uning ma’rifiy faoliyati; mutafakkirning davlatchilik qarashlari; milliy teatr va dramaturgiyaning asoschisi; noshirlik va maqolanavislik faoliyati undagi milliy ruhiyatning aks etishi; Yangi O‘zbekistonda M. Behbudiy va milliy ziyolilar va ularning merosiga e’tibor, kino-filmlar yaratilishi; chet ellarda M.Behbudiy va uning ilmiy merosining o‘rganilishi kabi masalalarga bag‘ishlangan ma’ruzalar muhokama qilinadi.
Ilmiy-amaliy anjumandan ko‘zlangan maqsad Turkistondagi jadidchilik harakati namoyandalari faoliyatining hozirgi kundagi ijtimoiy, madaniiy va tarbiyaviy ahamiyatini o‘rganish, madaniy merosini mustaqillik yillarida o‘rganilishi, xalqqa qaytarilishi va ularning milliy istiqlol g‘oyasi targ‘ibotidagi ahamiyati masalalarini tahlil qilish, alloma merosining ma’naviy-ma’rifiy masalalari bugungi barkamol avlodni tarbiyalashdagi ahamiyatini aniqlashda yangi fikrlarni shakllanishiga xizmat qiladi.
Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi huzuridagi Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda alloma faoliyati va merosi yuzasidan tadqiqotlar olib borgan olimlar, talaba yoshlar hamda OAV vakillari ishtirokida o‘tkaziladi.